“Afghanistan International” nashrining xabar berishicha, Afg‘onistonda internet va telekommunikatsiya xizmatlari cheklangach, bir nechta yirik telekanallar efir uzatishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
TOLO, Lemar, TOLOnews, Shamshad, Tamadon va boshqa bir qator telekanallar ilgari internet orqali berib kelgan dasturlarini efirdan olib tashlagan. Hozirda faqat “Tolibon” nazoratidagi Radio Television Afghanistan (RTA), Maarif va RTA Sport kanallari onlayn efirni davom ettirmoqda.
Mamlakatda internet tarmog‘i uzilishi Moby Group’ga qarashli TOLOnews, TOLO, Lemar, Arman va Araziziya kabi telekanallar faoliyatiga jiddiy zarar yetkazgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror “Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘oniston telekommunikatsiyalarini nazorat qilish agentligi hamda Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan qabul qilingan.
Roshan, Etisalat, Afghan Wireless va Afghan Telecom kabi yirik provayderlarga barcha optik tolali tarmoqlarni o‘chirish topshirig‘i berilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, optik tolali aloqaning uzilishi butun mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasini izdan chiqargan va Afg‘onistonni global tarmoqdan uzib qo‘ygan.
Manbalarga ko‘ra, ayrim xizmatlar bosqichma-bosqich qayta tiklanishi mumkin, biroq yuqori tezlikdagi internet va optik tolali aloqa “Tolibon” oliy rahbarining buyrug‘i asosida to‘liq to‘xtatilgan.


