
Vaziyat keskinlashuvi ortidan deyarli barcha davlatlar birma-bir o‘z fuqarolarini zudlik bilan Afg‘onistonni tark etishga chaqirmoqda. Masalan o‘tgan hafta AQSH va Buyuk Britaniya o‘z fuqarolarini Afg‘onistoni tark etish haqida ogohlantirishdi. Bir necha kun avval esa Hindiston Mozori Sharifdagi bosh konsulligi diplomatlarini evakuatsiya qildi. Shuningdek, Afg‘onistonda iqtisodiy obyektlar qurilishida ishtirok etayotgan hind kompaniyalari xodimlari va hindistonlik jurnalistlarga ham zudlik bilan Afg‘onistonni tark etish tavsiya etildi. Xo‘sh bu borada O‘zbekiston qanday yo‘l tutmoqda?
Ushbu savolga javob topish maqsadida ZAMON.UZ Tashqi ishlar vazirligi matbuot xodimi Mirzohid Eshonqulov bilan bog‘landi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra bu borada fuqarolarimiz bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emas.
-Buguni kunda Afg‘onistonda bizning fuqarolar deyarli qolmagan. Qiyin vaziyatga tushib qolganlar bo‘yicha ham murojaatlar yo‘q. Qolaversa biz Afg‘oniston bilan chegaradoshmiz va O‘zbekiston fuqarolari uchun hozirda chegara ochiq. Shunga qaramay muammoli holatga tushib qolgan fuqarolarimiz aniqlansa albatta o‘z vaqtida, zudlik bilan yordam qo‘li cho‘ziladi. Zaruratga ko‘ra evakuatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasida hokimiyatni egallash uchun keskin kurash ketmoqda. Avvalroq “Tolibon” harakati Farah va Badahshonni egallagani maʼlum qilingan edi.
Munojat Valiyeva


