AQSh hukumati Eronning harbiy dasturlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilingan bir qator xorijiy shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda Azad Iran nashri xabariga tayanib, Oxu.Az yozmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Eron, Xitoy, Germaniya, Portugaliya va Urugvaydan 30 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Ularning ommaviy qirg‘in qurollari bilan bog‘liq dasturlar va eksport nazoratiga zid faoliyatlarda ishtirok etgani aytilmoqda.
AQSh moliya vaziri Skott Bessentning bayonotida qayd etilishicha, ushbu choralar Eronga qarshi BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ilgari tasdiqlangan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan. Uning ta’kidlashicha, Vashington Eronning ballistik raketa va harbiy aviatsiya dasturlarini moliyalashtirayotgan qurol-yarog‘ yetkazib berish tarmoqlarini nishonga olmoqda.


