The Wall Street Journal nashrining yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroil bilan yirik harbiy bitim tuzish bo‘yicha Kongressdan ruxsat so‘ragan. Bitim qiymati qariyb 6 milliard dollarni tashkil etib, oxirgi yillarda imzolanishi kutilayotgan eng yirik mudofaa shartnomalaridan biri sifatida baholanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, paket tarkibiga 3,8 milliard dollarlik 30 dona AH-64 Apache jangovar vertolyotlari, shuningdek 1,9 milliard dollarlik 3250 dona piyoda jangovar mashinasi kiradi. Biroq texnikalar Isroilga birdaniga emas, ikki-uch yil davomida bosqichma-bosqich yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Hujjatlarda qayd etilishicha, xarid mablag‘lari AQShning xorijiy harbiy yordam jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Isroil esa odatdagidek qurol-yarog‘ni ko‘p hollarda shu yordam dasturi orqali, ya’ni Amerika soliq to‘lovchilari mablag‘lari evaziga oladi.
Bitim tasdiqlanishi uchun Davlat departamenti Kongressning tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitalari rahbarlaridan – ikki respublikachi va ikki demokrat arbobdan rozilik olishi lozim. Qonunchilik tartibiga ko‘ra, bunday yirik shartnomalar avval qo‘mita rahbarlari tomonidan ma’qullanadi, so‘ngra rasmiy ravishda Kongress va jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Xabarlarga qaraganda, mazkur taklif 9-sentabr kuni, Isroilning Qatarda joylashgan HAMAS yetakchilariga qarshi amalga oshirgan havo hujumidan avval Kongressga taqdim etilgan. Keyinchalik yuzaga kelgan voqealar sababli Davlat departamenti qo‘shimcha murojaat ham yuborgan.
Rasmiylar hozircha izoh bermagan bo‘lsa-da, mutaxassislarning fikricha, bitim AQShning Isroilga nisbatan harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash siyosati yanada kuchayayotganidan dalolatdir. Shu bilan birga, mamlakat ichida soliq to‘lovchilarning mablag‘laridan foydalanish masalasi bo‘yicha bahs va e’tirozlar yuzaga kelishi mumkin.


