AQSh Davlat departamenti mamlakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan bir qator qonuniy muhojirlarning vizalarini bekor qildi.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt ma’lum qildi deydi Tass.
Qayd etilishicha, Davlat kotibi Marko Rubio o‘z vakolatidan foydalanib, AQShga qonuniy ravishda kirgan bo‘lsa-da, rasmiylar tomonidan “potensial xavfli shaxslar” sifatida baholangan muhojirlarning vizalarini amal qilishini to‘xtatgan.
Kerolin Levittning ta’kidlashicha, Davlat departamenti AQSh vizasiga ariza topshiruvchilar uchun qo‘yiladigan talablar va tekshiruv tartiblarini yanada kuchaytirgan.
Mazkur qaror AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) tomonidan boshpana so‘rovlarini vaqtincha ko‘rib chiqishni to‘xtatish jarayoniga to‘g‘ri keldi. Prezident Donald Tramp ma’muriyati boshpana izlovchilarni deportatsiya qilish va uchinchi dunyo davlatlaridan keluvchi shaxslarni qabul qilish jarayonini noma’lum muddatga muzlatib qo‘yish rejalarini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Davlat kotibi Rubio AQSh rasmiylari tomonidan Afg‘oniston fuqarolari uchun viza berish jarayonlari ham to‘xtatilganini bildirgan edi. Bu qaror Oq uy yaqinida sodir bo‘lgan otishma ortidan qabul qilingan bo‘lib, hodisada gumonlanuvchi sifatida Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olingan.


