Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 20-sentyabr kuni yong‘in hodisasi sodir bo‘lgani tasdiqlandi. Bu haqda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurash agentligi ma’lum qildi.
Dastlab Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan rad etilgan ma’lumot keyinchalik o‘z tasdig‘ini topdi. Aniqlanishicha, soat 13:00 atrofida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida alangalanish yuzaga kelgan. Yong‘in o‘chirish ishlariga o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, 40 dan ortiq ishchi, 10 nafar ko‘ngilli hamda ichki ishlar organlari vakillari jalb etildi. Hodisa soat 14:40 ga kelib batamom bartaraf etildi.
Natijada 1,5 gektarga yaqin maydondagi qurigan o‘tlar yongan. Yong‘inning kelib chiqishiga Yakkatut qishlog‘ida yashovchi fuqaroning ichimlik suvi metall quvurini payvandlash jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagani sabab bo‘lgan. Mazkur shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 84-moddasi 3-qismi doirasida hujjat rasmiylashtirildi.
Qonunchilikka muvofiq, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish oqibatida yong‘in kelib chiqqan taqdirda, fuqarolarga 10–15 BHM (4 mln 120 ming so‘mdan 6 mln 180 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 20–25 BHM miqdorida jarima qo‘llanadi.


