Toshkent viloyatining Bo‘zsuv kanaliga oqova suvlari tashlanayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari e’lon qilindi.
Laboratoriya tahlillari “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi va uchinchi tashlamalarida bir qator ko‘rsatkichlar belgilangan me’yorlardan bir necha baravar yuqori ekanini ko‘rsatdi. Jumladan, muallaq moddalar, ammoniy ioni, azot nitrit, sulfat, fosfatlar, BPK, neft mahsulotlari, shuningdek mis va temir me’yorlardan ancha oshib ketgani aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, atrof-muhitga yetkazilgan zarar oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi belgilandi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 205- va 207-moddalari asosida “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


