Buxoro viloyatida yirik miqdordagi firibgarlik jinoyati aniqlanib, aybdor shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, muqaddam firibgarlik uchun sudlangan shaxs yana noqonuniy harakat sodir etgan. U korxonaga tegishli mablag‘ni o‘zlashtirish maqsadida kompaniya hisobidan 995,7 million so‘mni shaxsiy bank kartasiga o‘tkazib olgan.
Mazkur mablag‘ aslida yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini sotib olish uchun mo‘ljallangan edi. Biroq shaxs katta summani qo‘lga kiritgach, zimmasidagi majburiyatlarni bajarmagan va mablag‘ni o‘z ehtiyojlariga ishlatgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov organlari tomonidan qo‘shimcha tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Departament ma’lumotida qayd etilishicha, qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy manfaatlarini himoya qilish maqsadida bu kabi huquqbuzarliklarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanadi.


