Kecha, 6 avgust kuni Zil avtomobili Katta Farg‘ona kanaliga tushib ketdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati FVB markaziy dispetcherlik xizmatiga Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro Toshloq tumanidan oqib o‘tuvchi janubiy katta Farg‘ona kanali yonida harakatlanib kelayotib, o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, zil avtomobiliga ortilgan beda o‘ramlari bilan kanalga tushib ketganligi bo‘yicha xabar kelib tushgan.
Shunga asosan, FVB Maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otiryadi g‘ovvos qutqaruvchilari tomonidan fuqaroning beda o‘ramlari va maxsus yuk ko‘tarish krani yordamida avtomobili olib chiqilgan. Hodisa oqibatida jabrlangan va jarohatlanganlar yo‘q.


