1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Filippinda 7,4 balli zilzila yuz berdi

Hozirda hududda sunami xavfi eʼlon qilingan.

Filippinda 7,4 balli zilzila yuz berdi

Bugun, 10 oktyabr kuni Janubiy Filippinda 7,4 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Filippin vulqonologiya va seysmologiya instituti (PHIVOLCS) maʼlumotlariga ko‘ra, zilzilaning epitsentri Davao Oriyental viloyatining Manay shahri yaqinida, dengiz tubida joylashgan. Zarbaning chuqurligi taxminan 23 kilometrni tashkil etgan.

 

Kuchli seysmik faollikdan keyin mamlakatning bir qator sohil hududlarida sunami xavfi haqida ogohlantiruv berildi. Rasmiylar aholini yuqori yerlarga evakuatsiya qilishga chaqirdi.

 

Mahalliy OAVlarning yozishicha, zilzila oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, bir nechta binolarga shikast yetgan. Davoo shahridagi ayrim maktablarda talabalar evakuatsiya qilingan, bir necha kishi yengil jarohat olgan. Davao xalqaro aeroportida qisqa muddatli ish faoliyatida uzilishlar kuzatilgan, ammo transport harakati qisqa vaqt ichida tiklangan.

 

Prezident Ferdinand Markos Junior vaziyatni shaxsan nazoratga olganini maʼlum qildi. Hukumat qutqaruv va baholash ishlarini boshlab, ehtiyojmand aholiga yordam ko‘rsatish uchun maxsus shtab tuzgan.

 

Seysmologlar taʼkidlashicha, Filippin Tinch okeanining “Olov halqasi” deb ataladigan faol seysmik mintaqaga kiradi. Shu sababli bu mamlakatda yil davomida turli darajadagi zilzilalar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Oxirgi yillarda Sebu va Mindanao hududlarida ham shunday kuchli zilzilalar qayd etilgan.

 

Mahalliy hokimiyat va xalqaro tashkilotlar aholini rasmiy manbalar orqali axborotni kuzatishga, ehtiyotkorlik choralariga amal qilishga chaqirmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика