Innovatsion rivojlanish agentligi yosh olimlarni xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish bo‘yicha maqsadli tanlovni boshladi. Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tashkil etilmoqda.
Tanlov natijasida saralangan yosh olimlar 2025-yil davomida AQShning Texas universitetida 6 oylik ilmiy stajirovkada ishtirok etadilar. Stajirovka dasturi doirasida ular belgilangan ilmiy vazifalarni bajarish va malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nomzodlarni tavsiya qilish Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Hujjatlar 2025-yil 15-oktabr sanasiga qadar faqat “internship.ilmiy.uz” yagona elektron tizimi orqali qabul qilinadi. Boshqa manzillar yoki pochta orqali yuborilgan hujjatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Tanlov jarayonida ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini ta’minlash, shuningdek, tavsiya etilgan nomzodlarning ishtirokini kafolatlash buyurtmachi tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi.


