Stenford universiteti tadqiqotchilari ilk bor insonning ichki nutqini — ya’ni o‘ziga qaratilgan fikrlarini — dekodlash imkonini beruvchi texnologiyani namoyish etdi. Tadqiqot Cell jurnalida chop etildi.
Yangi usul miya-kompyuter interfeysiga asoslanib, neyron faollik signallarini tahlil qilib, ularni matnga aylantiradi. Tadqiqotda og‘ir falaj holatidagi to‘rt nafar bemor ishtirok etdi. Ularning nutq faoliyatini boshqaruvchi miya qismiga mikroelektrodli implantlar o‘rnatildi. Natijada tizim ishtirokchilar talaffuz qilmoqchi bo‘lgan yoki faqat aqliy tarzda aytilgan so‘zlarni 74 foizgacha aniqlik bilan ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Olimlar, shuningdek, tizim o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan fikrlarni ham tanib, hatto oddiy hisoblash jarayonida hosil bo‘lgan raqamlar ketma-ketligini ham dekodlashini qayd etishdi. Maxfiylikni ta’minlash maqsadida qurilmaga faqat maxsus “aqliy parol” orqali faollashtirish imkoniyati joriy etilgan bo‘lib, u 98 foizdan ortiq aniqlik bilan tanildi.
Mutaxassislarning fikricha, texnologiya hali amaliy joriy etishga tayyor bo‘lmasa-da, kelajakda nutq nuqsoniga ega insonlar uchun deyarli to‘liq muloqot qilish imkonini yaratishi mumkin.


