G‘azo sektorining janubida joylashgan Xon-Yunis shahrida Isroil armiyasi tomonidan uyushtirilgan havo hujumi natijasida mahalliy fuqaro Majdiy Jadallaning oilasi halok bo‘ldi. Hujum to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning yashash uyiga qaratilgan bo‘lib, uning natijasida rafiqasi Asiya va uch farzandi – 5 yoshli Yahyo, 3 yoshli Muso hamda yangi tug‘ilgan Ibrohim vafot etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloq Ibrohim Isroilning G‘azoga qarshi bombordimonlari boshlanganidan keyin dunyoga kelgan va aynan shu havo hujumida hayotdan ko‘z yumgan. Hujum natijasida 20 dan ortiq fuqaro jarohat olgan. Halok bo‘lganlarning jasadlari Xon-Yunisdagi an-Nasr shifoxonasiga olib kelingan.
Mazkur shifoxonada Majdiy Jadalla o‘z oilasi bilan ko‘z yoshlar ila vidolashdi. “Bu bolalar edi. Ular qanday gunoh qilgan? Ular faqat o‘ynashni, kelajak haqida orzu qilishni istashgandi”, — dedi u yig‘lab turib. Oila a’zolari an-Nasr shifoxonasi yaqinida, janoza namozidan so‘ng dafn etildi.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil 7-oktabrdan boshlab G‘azo sektorida olib borilgan harbiy harakatlar natijasida kamida 57 575 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalardir. Shuningdek, jarohatlanganlar soni 136 879 nafarga yetgan.


