Italiyaning qator shaharlarida Falastin tarafdorlari tomonidan o‘tkazilgan norozilik namoyishlari to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Natijada ko‘chalar, temir yo‘llar va portlarning faoliyati vaqtincha to‘sib qo‘yildi.
Milanda namoyishchilar markaziy vokzal va uning atrofida “Falastinga ozodlik” shiorlari ostida chiqish qilib, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishdi hamda AQSh bayrog‘ini yoqib yuborishdi. Ayrim ishtirokchilar tutun bombalari yoqqan, yo‘l belgilarini, axlat qutilarini va politsiya to‘siqlarini huquqni muhofaza qilish organlariga uloqtirgan.
Bolonyada politsiya tartibsizliklarni bostirish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi. Rimda minglab namoyishchilar Termini vokzali atrofida to‘planib, poytaxt sharqidagi halqa yo‘lini ham to‘sib qo‘yishdi.
Turinda talabalar universitet kampusini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, Florensiyada minglab namoyishchilar Leonardo qurolsozlik kompaniyasiga qarshi norozilik bildirishdi.
Isroilga qarshi chiqayotgan chap qanot tashkilotlari Italiya hukumatini Falastin masalasida o‘z pozitsiyasini aniq belgilashga chaqirmoqda. Bosh vazir Giorgia Meloni esa yoz oylarida “mavjud bo‘lmagan Falastin davlatini tan olish teskari samara berishini” ta’kidlagan edi. U, shuningdek, Milanda sodir bo‘lgan zo‘ravonliklarda ishtirok etganlarni qoralab, uyalishga chaqirdi.


