Jazoirning Xarash tumanida avtobus ko‘prikdan daryoga qulashi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz kishi jarohatlandi. Bu haqida Jazoir fuqarolik mudofaasi bayonotida maʼlum qilindi.
"Yo‘lovchi avtobus yo‘ldan sirg‘alib ketgan va ko‘prikdan Al-Muhammadiya hududiga — Xarash tumanidagi daryo o‘zaniga qulagan”, — deyiladi xabarda.
Mahalliy matbuotning yozishicha, avtobusda 35 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Jarohatlanganlardan ikki nafari og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun jami 25 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 16 ta g‘avvos va to‘rtta qayiq safarbar etilgan.


