Oliy Majlis Senatining 10-yalpi majlisida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi. Natijada Kattaqo‘rg‘on shahri hududini 2,9 ming gektarga kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda shahar aholisi qariyb 95 ming kishini tashkil etadi. So‘nggi besh yil ichida aholining o‘sishi yiliga o‘rtacha 1,1 ming kishini tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, 4 mingga yaqin ro‘yxatdan o‘tmagan aholi va talabalar ham shahar hududida yashab kelmoqda. Bu esa Kattaqo‘rg‘onni viloyatda aholisi eng zich joylashgan hududga aylantirgan.
Kengayish hisobiga Kattaqo‘rg‘on tumani hududidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar maydon shahar tarkibiga o‘tkaziladi. Shuningdek, Nurobod tumanining ayrim yer maydonlari Kattaqo‘rg‘on tumaniga beriladi. Bu jarayon shaharni 2030-yilga borib katta shaharlar toifasiga o‘tkazish imkonini beradi.
Rejalarga ko‘ra, kengaytirilgan hududda yangi infratuzilma va turar-joy majmualari barpo etiladi, urbanizatsiya jarayonlari tezlashadi. Shuningdek, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi filiali va 30 gektarda uchta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi kutilmoqda. Bu esa qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.


