Litvada firibgarlik uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan erkak ilk bor O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Interpolning Milliy markaziy byurosiga tayanib xabar berdi.
Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsning Litva hududida ekanligi aniqlangan. U yerda qo‘lga olinib, ekstraditsiya tekshiruvlari uchun qamoqqa olingan.
Mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan ayblanmoqda.
"O‘zbekiston Bosh prokuraturasining iltimosnomasini qanoatlantirgach, Litva tomoni uni ekstraditsiya qilish va sud orqali jazoga tortish to‘g‘risida qaror qabul qildi", — deyiladi rasmiy bayonotda.
Shaxs Toshkentga qaytarilganidan so‘ng, u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Bu Interpolning Toshkent va Vilnyusdagi milliy byurolari o‘rtasida ilk bor amalga oshirilgan ekstraditsiya tajribasidir, deb ta’kidlamoqda vazirlik.


