Saudiya Arabistoni Ikki muqaddas masjid ishlari bo‘yicha Bosh boshqarmasi BMTning “Butunjahon gumanitar yordam kuni” munosabati bilan “Masjid xizmatchilari – insoniyat elchilari” dasturini ishga tushirdi, deya xabar beradi islam.ru Saudiya matbuot agentligiga tayanib.
Dastur Makka va Madina shaharlaridagi ikki muqaddas masjid va boshqa joylarda keksalar va imkoniyati cheklangan insonlarga o‘z ibodatlarini bajarishda yordam berayotgan ko‘ngillilarni e’zozlashga qaratilgan.
Odatda, bunday ko‘ngilli insonlar ziyoratchilar uchun nogironlik aravachalarini bepul yetkazib berishadi va har dushanba hamda payshanba kunlari iftorlik tarqatishda ishtirok etadilar.
"Saudiya Arabistoni butun dunyo bo‘ylab muhtojlarga yordam berish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan ishchilar va ko‘ngillilarga hurmat bajo keltirish uchun “Jahon gumanitar yordam kuni"ni nishonlamoqda",- deydi boshqarmaning ijtimoiy, ko‘ngillilar va gumanitar masalalar bo‘yicha vakili Shayx Xolid bin Fahad Al Shalaviy.
Shuningdek, u mazkur xayrli ish yoshlarning ogohligini oshirib, yordam ishlariga jalb qilishga undashini qayd etgan.


