AQShning NASA kosmik agentligi 2035-yilga qadar Oy yuzasida insonlar yashashiga moslashtirilgan qishloq barpo etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda agentlik rahbari vazifasini bajaruvchi Shon Daffi Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin o‘n yil ichida Oyda nafaqat ilmiy stansiya, balki doimiy yashashga mo‘ljallangan infratuzilma ham tashkil etiladi. Qishloq yadro quvvat manbaiga ega bo‘lishi, astronavtlarni muntazam joylashtirish imkoniyatini yaratishi va Oy yuzasidan olingan materiallar yordamida barpo etilishi kutilmoqda.
Shuningdek, NASA 2026-yil fevral oyida “Artemida II” missiyasi doirasida 50 yildan keyin ilk bor to‘rtta astronavtni Oyga jo‘natishni rejalashtirgan. Mazkur parvozda Oyga qo‘nish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, agentlikning asosiy maqsadi — uzoq muddatli yashash imkonini beradigan qishloq qurilishiga tayyorgarlikdir.
NASA vakilining ta’kidlashicha, Oyda doimiy qishloq barpo etilishi Marsga qo‘nish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.


