Jamiyat
|
07 Iyul 15:30
328
Jamiyat
|
07.07.2021, 15:30
328

Navoiy IESda gaz sizib chiqish holati yuz berdi

Bugun, 7 iyul kuni soat 05:48da Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Navoiy IESda gaz sizib chiqish holati yuz berdi

 

Qayd etilishicha, hozirda mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun “Navoiy-4” gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz taʼminoti to‘xtatilmoqda.

Mazkur ishlarni to‘liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi.

Shu sababli respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Vazirlikning bildirishicha, iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6-8 iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

«Shu bilan birga, respublikamiz suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.