Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Dohada sodir bo‘lgan hujum yuzasidan Qatardan uzr so‘radi. Bu haqda 12-kanal va Axios jurnalisti Barak Ravid manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxu Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon bin Jassim Al-Tani bilan telefon orqali suhbatlashib, mamlakat suvereniteti buzilgani uchun kechirim so‘radi va hujum oqibatida halok bo‘lgan xavfsizlik xodimining oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Isroil oilaga tovon to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi.
Qo‘ng‘iroq Netanyaxuning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashuvi chog‘ida amalga oshgan. Manbalarga ko‘ra, Tramp Netanyaxudan Qatardan uzr so‘rashni talab qilgan.
Isroil tomoni avvalroq Dohadagi zarba XAMAS a’zolarini nishonga qaratilganini bildirgan. Qatar esa bu harakatni keskin qoralab, uni “davlat terrorizmi” deya baholagan va vositachilik faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan.
Axios yozishicha, AQSh prezidenti ishlab chiqayotgan G‘azo sektoridagi tinchlik rejasi kelgusida Isroilning Qatarga hujum qilishini taqiqlovchi bandni ham o‘z ichiga oladi.


