O‘zbekistonda so‘nggi yillarda noshirlik va matbaa sohasida davlat aralashuvi keskin kamaydi, sohaga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, qator imtiyoz va yengilliklar joriy etildi. Bu islohotlar noshirlik subyektlari sonining ko‘payishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik tashabbuslarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Xususan, 2020 yil 1 iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat olish tartibi bekor qilindi. Endi nashriyot yoki matbaa ochish uchun faqat vakolatli davlat organini xabardor qilish kifoya. Bu tartib natijasida nashriyotlar soni 3,5 baravarga oshib, hozirda 601 taga yetgan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab noshirlik va matbaa korxonalari uchun qo‘shimcha yengilliklar kuchga kirdi. Jumladan, bosma mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishdan tushgan daromadlarning 1 foizini “Ijod” fondiga ajratish majburiyati bekor qilindi. Bu o‘zgarish noshirlar uchun moliyaviy yengilliklar yaratdi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab uch yil muddatga O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilmaydigan, rasmiy ro‘yxat asosida olib kiriladigan matbaa uskunalari va qog‘oz bojxona bojidan ozod etildi. Bu matbaa sohasida zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish imkoniyatini kengaytiradi.
2023 yildan boshlab davlat tashkilotlari va muassasalariga 67 nusxadagi majburiy bepul kitoblarni yuborish amaliyoti bekor qilindi. Faqat Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno etildi. Natijada noshirlik subyektlarining xarajatlari sezilarli darajada kamaydi.
2023 yil 1 maydan boshlab bolalar va nogironlar uchun mo‘ljallangan nashrlar uchun ISBN, ISSN va klassifikatsiya indekslari bo‘yicha to‘lovlar 50 foizga kamaytirildi. Bu ijtimoiy ahamiyatga ega kontentlarni nashr qilishga ko‘maklashadi.
2025–2029 yillar davomida esa nashriyot va matbaa faoliyatidan olingan daromadlar foyda solig‘idan to‘liq ozod qilindi. Bu islohot sohaga yanada jadal rivojlanish imkonini beradi.
Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlarni yaratishni rag‘batlantirish maqsadida ham alohida imtiyozlar belgilandi. Agar noshirlik subyekti o‘zining yillik umumiy daromadining kamida 80 foizini bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olsa, u 2025 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvargacha foyda solig‘idan ozod etiladi, ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi, bolalar kontenti yaratishga ketgan xarajatlarni foyda solig‘idan chegirib tashlash huquqiga ega bo‘ladi, shuningdek, bu maqsadda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i davlat byudjetidan to‘liq qaytariladi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur islohotlar mamlakatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarda intellektual salohiyatni rivojlantirish va noshirlik sohasining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.


