Nukus poligonida 9 sentabr kuni Milliy gvardiya harbiylari ishtirokida mashg‘ulot vaqtida portlash yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 8 nafar harbiy jarohat olgan. Bu haqda Milliy gvardiya rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, amaliy mashg‘ulot davomida portlovchi maxsus vositaning detanatsiya shnuri chaqnashi natijasida kichik portlash yuzaga kelgan.
Rasmiy axborotga ko‘ra, mashg‘ulot ishtirokchilaridan 10 ga yaqin harbiy xizmatchi turli darajada tan jarohatlari olgan. Ularga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifokorlar tomonidan zarur choralar ko‘rilgan.
Milliy gvardiya jarohatlangan harbiylarning sog‘ligi tiklanayotgani, ularning hayoti xavf ostida emasligini bildirdi.
Hodisa yuzasidan xizmat surishtiruvi tayinlanib, mutasaddi rahbarlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.


