
Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish Prezidentning 7.12.2020 yildagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4913-son qarorida nazarda tutilgan.
Mazkur hujjat tadbirkorlik va professional faoliyat subyektlarini o‘z-o‘zini tartibga colish bilan bog‘liq jamoatchilik bilan munosabatlarini tartibga solishi, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarni tashkil etish va faoliyat yuritish, ularga aʼzolik (ishtirok etish) va ularning huquqiy maqomini, davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini belgilashi rejalashtirilmoqda.
Loyihada quyidagi tushunchalar berilgan: o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot aʼzosining shaxsiy manfaati, professional faoliyat, professional faoliyat subyektlari, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot qoidalari va standartlari va boshqalar.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot – tadbirkorlik subyektlarining ixtiyoriy aʼzoligiga (ishtirokiga) asoslangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan assotsiatsiya (ittifoq), jamoat birlashmasi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi notijorat tashkilot.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot ixtiyoriy yoki majburiy aʼzolik shaklida tashkil etiladi.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarga nisbatan quyidagi talablar qo‘yiladi:
-
agar o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarga nisbatan qonunlarda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot tarkibida kamida 25 ta tadbirkorlik subyektining yoki maʼlum bir turdagi kamida 100 ta professional faoliyat subyektlarining aʼzolari sifatida birlashish;
-
o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotning barcha aʼzolari uchun majburiy bo‘lgan tadbirkorlik yoki professional faoliyat uchun standartlar va qoidalarning mavjudligi;
-
o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot tomonidan uning har bir aʼzosining ishlab chiqarilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) isteʼmolchilari va boshqa shaxslar oldida qo‘shimcha mulkiy javobgarligini taʼminlashi.


