1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi

Yangi akademiyada ta’lim jarayoni “ustoz-shogird” an’anasi asosida, “bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi” tamoyiliga ko‘ra olib boriladi.

O‘zbekistonda Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi

2025-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-141-son Farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, avvalgi Sudyalar oliy maktabi isloh qilinib, uning o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.

 

Yangi akademiyada ta’lim jarayoni “ustoz-shogird” an’anasi asosida, “bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi” tamoyiliga ko‘ra olib boriladi. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab sudyalikka nomzodlar uchun olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu kurslar davlat granti asosida tashkil etilib, tinglovchilarga o‘qish davrida lavozimi saqlangan holda sudya yordamchisi oyligi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

 

Bundan tashqari, kurslarga qabul qilish uch bosqichda — psixologik va til bo‘yicha test sinovlari, yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbat orqali amalga oshiriladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlar esa bo‘sh sudyalik lavozimlari uchun tanlovlarda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Akademiyada malaka oshirishning yangi tizimi ham joriy etiladi. Endilikda sudyalar ish tajribasiga qarab muntazam malaka oshirib boradi: besh yilga tayinlangan sudyalar — har ikki yilda ikki hafta, o‘n yilga tayinlanganlar — har uch yilda ikki hafta, Oliy sud sudyalari va rahbar sudyalar — har uch yilda bir hafta, faoliyat samaradorligi past bo‘lganlar esa qo‘shimcha ikki haftalik kurslarda o‘qitiladi. 2026/2027 o‘quv yilidan esa “Sud faoliyati” yo‘nalishida amaliy magistratura dasturi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика