So‘nggi yillarda mamlakatimizda yuk avtomobillari soni keskin ortib, oxirgi 15 yil ichida qariyb uch barobar ko‘paydi. Bu esa yo‘l infratuzilmasiga bosimning kuchayishi, tezroq eskirishi va yo‘l-transport hodisalari sonining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur muammoni bartaraf etish va nazoratni kuchaytirish maqsadida, 2026-yil 1-yanvardan boshlab yalpi og‘irligi 44 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk transporti vositalari hamda karerlarda ishlatiladigan yirik samosvallar uchun alohida davlat raqam belgilari joriy qilinadi.
Yangi raqamlarning dizayni – qizil fonli, oq rangdagi harf va raqamlardan iborat bo‘lib, “YUK” seriyasida taqdim etiladi. Ularning chap tomonida hudud kodi, o‘ng tomonida esa davlat bayrog‘i va “UZ” belgisi aks etadi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday tizim bir nechta afzalliklarga ega:
Yo‘l inspektorlari eng og‘ir transport vositalarini tezda ajratib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
Haddan tashqari yuklanishning oldi olinadi, yo‘llarning tez buzilishi kamayadi;
Transport oqimi va tirbandlik tartibga solinadi;
Baxtsiz hodisalar soni qisqaradi, yo‘llarda xavfsizlik oshadi.
Shuningdek, yuk mashinalarini tungi vaqtda yo‘l chetida qoldirish uchun jazoni kuchaytirish ham taklif qilinmoqda. Statistikaga ko‘ra, faqatgina 2024-yilda shunday holatlar sababli 113 ta YTH sodir bo‘lgan va 47 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Yangi tizim nafaqat infratuzilma xavfsizligini ta’minlaydi, balki og‘ir transport vositalarining texnik holati va ularni boshqarayotgan shaxslar ustidan aniq hisob yuritishga ham yordam beradi.


