2–31 oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi marta keng ko‘lamli “Salomatlik marafoni” tashkil etilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi aholining keng qatlamini profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga jalb etish, sog‘liqqa mas’uliyatni oshirish hamda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha bilim va tushunchalarni boyitishdan iborat.
Marafon doirasida Nukus shahrining 96,7 ming nafardan ortiq aholisi bir vaqtning o‘zida 7 turdagi skrining va profilaktik ko‘riklar bilan qamrab olinadi. Buning uchun mobil mammograf, ftyuorograf, angiograf, UZI apparatlari va oftalmologik jihozlar jalb etiladi, klinik va biokimyoviy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
800 nafardan ziyod shifokor va hamshiralar, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda ularning filiallari yetakchi mutaxassislari, shuningdek xorijiy mutaxassislar ishtirok etadi.
Zamonaviy mobil va statsionar tibbiy uskunalar yordamida aholiga chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi hamda uchta jamoat joyida tashkil etiladigan “Salomatlik maydonchalari” orqali aholiga tibbiy xizmatlar bevosita yaqinlashtiriladi.
Marafon ikki bosqichda, haftaning barcha kunlari, soat 08:00 dan 17:00 gacha davom etadi. Birinchi bosqichda oilaviy poliklinikalar patranaj hamshiralari aholiga profilaktik ko‘riklar taklif qiladi, ommaviy skrininglar o‘tkaziladi va surunkali kasalliklarga ega bemorlar yetakchi mutaxassislar ko‘rigiga hamda yuqori texnologik tekshiruvlarga yo‘naltiriladi.
Ikkinchi bosqichda esa Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida mobil va statsionar uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tekshiruvlar, selektiv skrininglar va qo‘shimcha instrumental ko‘riklar amalga oshiriladi.
Mazkur aksiya Qoraqalpog‘istonda aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish yo‘nalishida ilk bor o‘tkazilayotgan eng yirik va keng qamrovli tashabbus hisoblanadi. U aholida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish hamda o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.


