Rim papasi Leo XIV Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida xalqaro hamjamiyatni Falastin davlatini tan olishga chaqirdi. Papa bu bayonotni 30 noyabr kuni Turkiyadan Livanga yo‘l olgan samolyotida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida bildirdi.
“Falastin davlatini tan olish — Isroil-Falastin mojarosining yagona yechimidir,” dedi Papa bu borada Vatikan pozitsiyasi qat’iy bo‘lib qolishini ta’kidlarkan.
Uning aytishicha, hozirgi kunda Isroil hukumati bu kontsepsiyani qabul qilmayotgani jarayonni murakkablashtirmoqda, biroq Vatikan “adolatli tinchlik” uchun diplomatik bosimni davom ettiradi.
Falastin rahbarlari Papaga minnatdorchilik bildirib, uning bayonotini nafaqat diniy doiralar, balki global diplomatik maydon uchun ham muhim qadam sifatida ta’riflashdi.
Isroil hukumati esa avvalgidek Falastin davlatini tan olish masalasida ehtiyotkor pozitsiyani saqlab kelmoqda, ayrim siyosiy guruhlar esa bunga keskin qarshi. Bu holat Vatikan chaqirig‘ining amaliy natijalari yaqin kelajakda sezilarli bo‘lishini qiyinlashtiradi. Biroq Papa Leo XIVning so‘zlari xalqaro bosim ortayotganini va global muhokamalar yana jonlana boshlaganini ko‘rsatadi.


