O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklar soni oz emas va ularning asosiy qismi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan.
Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i Munira Nizomovaning taʼkidlashicha, Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvand moddalar savdosi va olib o‘tishda aybdor deb topilgan. Shuningdek, ularning 12 foizi jinsiy zo‘ravonlik, 7 foizi qotillik, taxminan 5 foizi sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish, 4 foizi o‘g‘rilik va 3 foizi firibgarlik kabi jinoyatlar uchun qamalgan.
Mazkur statistika Rossiyadagi mehnat migrantlari orasida huquqbuzarliklar masalasi qanchalik dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, bunday holatlar ko‘pincha mehnat va turmush sharoiti og‘irligi, huquqiy bilimlarning yetarli emasligi hamda ayrim hollarda qonun talablarini chetlab o‘tish istagi bilan bog‘liq.
Munira Nizomova yana bir muhim jihatga — Rossiya aeroportlarida o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning uzoq vaqt tekshiruvlarda ushlab turilishiga ham eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p hollarda fuqarolar 6–8 soat, baʼzida esa 10–12 soatlab nazoratda qolib ketishadi. Bu esa ko‘pincha fuqarolarning qonun-qoidalarga amal qilmasligi, hujjatlardagi kamchiliklar bilan izohlanadi.


