1-dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining rasmiy sahifalarida ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasidagi jadallashib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar tarixiy yaqinlik, madaniy mushtaraklik va ikki xalq o‘rtasidagi hamjihatlik mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda Rossiya bo‘yicha eng katta tatar diasporasi istiqomat qiladi. Tatariston esa ta’lim yo‘nalishida O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, hozirda 3,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Tatariston OTMlarida tahsil olmoqda.
Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, gumanitar almashinuvlarni kengaytirish va muloqotni yanada chuqurlashtirish borasida fikr almashdi.
Saida Mirziyoyeva va Rustam Minnixanov “Olamlar orasidagi nur” nomli ko‘rgazmaga ham tashrif buyurdi. Ekspozitsiya Istra shahridagi “Yangi Yerusalim” Davlat muzeyi hamda Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini birlashtirgan.
Shuningdek, kechki dastur doirasida ular kompozitor va pianinochi Kirill Rixter hamda maestro Alibek Kabduraxmanov boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri konsertini tomosha qildi. Tadbir yakunida artistlarga Saida Mirziyoyeva va Rustam Minnixanov nomidan gullar taqdim etildi.
Tatariston raisining ta’kidlashicha, ikki tomonlama aloqalar ko‘p asrlik tarix, mushtarak an’analar, umumiy til va madaniy qadriyatlarga asoslanadi hamda muloqotning yanada faollashishiga xizmat qiladi.


