1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Saudiya Arabistonida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda

Madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Badir bin Abdulla bin Farhan Al Saud madaniy hamkorlik memorandumi imzoladi.

Saudiya Arabistonida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda

Saudiya Arabistoni Podshohligining Ar-Riyod shahrida 2025-yil 2–11-oktyabr kunlari “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbiri o‘tkazilmoqda.

 

Mazkur nufuzli madaniy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Madaniyat vazirligi hamkorligida, shuningdek YUNESKO va YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan.

 

“O‘zbekiston madaniyati kunlari” dasturi doirasida O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsertlar, milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, shuningdek, noyob qo‘lyozma va adabiyot namunalari taqdim etilmoqda. Tadbir Ar-Riyoddagi Riyadh International Book Fair majmuasi hamda Malika Nurah bint Abdulrahmon universiteti hududida o‘tkazilmoqda.

 

Bu yilgi dastur doirasida O‘zbekiston ilk marotaba “Riyadh International Book Fair” xalqaro kitob yarmarkasida “Faxriy mehmon mamlakat” sifatida ishtirok etmoqda. Yarmarka 10 kun davom etadi va unda 2000 dan ortiq nashriyot o‘z asarlari bilan qatnashmoqda. O‘zbekistonning faxriy maqomda ishtiroki mamlakat madaniyati va adabiyotini jahon miqyosida targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 

Shuningdek, 4-oktyabr kuni Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Saudiya Arabistoni madaniyat vaziri Badir bin Abdulla bin Muhammad bin Farhan Al Saud o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 

Uchrashuvda ta’lim, madaniy merosni asrash, shuningdek, Saudiya Arabistonida saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixiga oid qo‘lyozmalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish masalalari muhokama qilindi.

 

Tadbirlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirish hamda O‘zbekistonning boy madaniy merosini jahon jamoatchiligiga keng tanitishga xizmat qilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика