O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20–24-sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘ladi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasidagi tadbirlarda qatnashadi.
Davlat rahbari yalpi sessiya umumiy munozaralarining birinchi kunida so‘zga chiqib, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, BMT tizimi va xalqaro moliya arxitekturasini isloh qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlari hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan O‘zbekistonning yondashuvlarini bayon etadi.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Tashrif dasturining ishbilarmonlik qismida AQShning yetakchi kompaniyalari hamda moliyaviy-investitsiya tuzilmalari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Yakuniy natijada qator yangi kelishuv va shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.


