Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ekologik barqarorlik va qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda avvalo Toshkent shahridagi ekologik vaziyat bo‘yicha maxsus komissiya hisobot berdi. Atmosfera havosining ifloslanishiga qarshi kurashish, ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va ularni cheklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan sovuq antisiklon ta’siri tufayli atmosfera bosimi oshib, inversiya kuchaygani, natijada havoning tabiiy tozalanish jarayoni sekinlashayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obyektlar bo‘yicha tekshiruvlar kuchaytirildi. Shahar ko‘chalarini namlash, ariqlarni tozalash va favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtiruvchi choralar amalga oshirilmoqda.
Prezident barcha hududlarda ham ushbu ishlarni izchil davom ettirish, aniqlangan qoidabuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etish va havo sifatiga ta’sir etuvchi omillar ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash vazifasini qo‘ydi.
Yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash tizimining holati ham muhokama qilindi. Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 933 million dollarlik chiqindidan energiya olish loyihalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda bunday tashabbuslar sust kechayotgani qayd etildi. Boshlangan loyihalarda infratuzilma yetarli darajada ta’minlanmayotgani tanqid qilindi.
Viloyat hokimliklari va Milliy ekologiya qo‘mitasiga mavjud muammolarni bartaraf etish, qolgan hududlarda ham shu kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
2030-yilga qadar qattiq maishiy chiqindi poligonlari sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon rekultivatsiya qilinib, 243 gektar yer qayta tiklangan bo‘lsa-da, 132 ta faol poligonda ekologik talablar hanuz to‘liq bajarilmagan. Barcha poligonlar atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish, bo‘shagan hududlarda ekologik va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi yetarli emasligi ko‘rsatilib, ushbu yo‘nalishda yagona axborot-monitoring tizimini yaratish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashdagi kamchiliklar, noqonuniy ulanishlar va o‘g‘irlik holatlari ham ko‘rib chiqildi. “Hududgazta’minot” tizimiga mavjud muammolarni bartaraf etish, elektr tarmoqlarini inventarizatsiya qilish va ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 1800 km elektr tarmoqlaridagi sifatsiz ta’mirlash ishlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga o‘rganish topshirildi.
Qish mavsumida aholiga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Alohida tartibda yong‘in xavfsizligi masalalari ko‘rib chiqildi. 44 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarning yong‘in xavfsizligini to‘liq baholash, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Binolarda yonuvchan materiallar qo‘llanishini qat’iyan taqiqlovchi qonunchilik talablarini joriy etish, tegishli me’yorlarni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, kommunal xizmatlarni muvofiqlashtirish, FVV dispetcherlik tizimiga barcha xizmatlarni integratsiya qilish, profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


