2025-yil 17-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir mamlakatda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, xodimlar manfaatlarini himoya qilish va kasaba uyushmalari tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Davlat rahbari o‘z nutqida kasaba uyushmalari harakati a’zolariga chuqur hurmatini bildirib, ularning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.
“Biz yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida dadil qadamlar bilan olg‘a yuryapmiz. Bu jarayonda mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning, har bir yurtdoshimizning o‘rni beqiyos”, – dedi Prezident.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda iqtisodiyotga 130 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgani, millionlab ish o‘rinlari yaratilgani, inson huquqlari va mehnatni muhofaza qilish sohasida mustahkam huquqiy baza shakllangani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro mehnat standartlarini joriy etish borasidagi yutuqlari, xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatning to‘liq barham topgani alohida qayd etildi.
Prezident kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilganini bildirdi hamda bu boradagi siyosat izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda 500 mingga yaqin xodimning huquqlari himoya qilinib, 267 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya undirilgani, 13 ming nafardan ortiq ishchi qayta ishga tiklangani qayd etildi.
Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash bo‘yicha uch tomonlama komissiya faoliyatini kengaytirish, masofaviy va platformali bandlik yo‘nalishida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash, ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish va mehnat xavfsizligini ta’minlashning yagona tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari, shuningdek, kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligini nishonlash doirasida “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni har bir hududda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
“Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaati bo‘layotgani menga quvonch bag‘ishlaydi. ‘Inson qadri uchun’ g‘oyasi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lib qoladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv yakunida Prezident soha vakillarini kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi va kasaba uyushmalari kuni bilan tabrikladi.


