O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Boshqaruvchi direktori Kristalina Georgieva bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot bilan sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Kristalina Georgieva O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarga yuksak baho berib, olib borilayotgan islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Tomonlar o‘rtasida makroiqtisodiy siyosat, byudjet va soliq ma’murchiligini takomillashtirish borasida samarali hamkorlik olib borilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston mutaxassislari muntazam ravishda XVJ o‘quv markazlarida malaka oshirib kelmoqda. Joriy yilda mamlakatimiz moliya tizimining barqarorligi birgalikda baholanib, “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Uchrashuv davomida pul-kredit va fiskal siyosatni rivojlantirish, statistika tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha XVJning ekspertlik ko‘magini davom ettirish hamda iqtisodiy idora xodimlari uchun o‘quv dasturlarini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.


