Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) rahbari Leonid Slutskiy mehnat migrantlariga pensiya to‘lash amaliyotini bekor qilishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, davlatning moliyaviy yuklari keskin ortib bormoqda, shu sababli nafaqalar faqat milliy manfaatlarga xizmat qilgan fuqarolarga berilishi lozim.
Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda migratsiyaning sof o‘sishi 600 ming kishiga yetib, so‘nggi 30 yillik rekordni qayd etdi. “Pensiya — bu shunchaki ro‘yxatda turish emas, balki davlat hayotida faol ishtirok etishning natijasidir”, — deya qayd etdi siyosatchi.
Uning fikricha, chet ellik fuqarolarga pensiya to‘lash davlat byudjetiga ortiqcha yuk solmoqda. Shu bois LDPR yetakchisi “kel, ishlang va qayting” tamoyiliga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish zarurligini bildirdi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hozirda Rossiyada kamida 15 yil doimiy yashagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar pensiya olish huquqiga ega. Slutskiy esa bu tartibni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur taklif pensiya tizimini ortiqcha ijtimoiy majburiyatlardan himoya qilish va davlat byudjetiga tushadigan bosimni kamaytirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, oktabr oyidan boshlab Rossiyada ayrim toifa nafaqaxo‘rlarning pensiyalari 7,6 foizga indeksatsiya qilinishi belgilangan. Bu, xususan, Mudofaa vazirligi hamda boshqa huquq-tartibot organlari xodimlariga taalluqli bo‘ladi.


