Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Ahmad al-Sharaa Suriya davlatining siyosati avvalgi tuzumdan farqli ravishda adolatli va ochiq bo‘lishini aytdi. Bu haqida u Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi chiqishi chog‘ida maʼlum qildi.
Al-Sharaaning taʼkidlashicha, hozirgi ustuvor vazifa Suriya xalqi va hududini birlashtirish orqali mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashishdir.
“Suriya barcha davlatlar bilan barqaror munosabatlarni saqlash siyosatiga amal qiladi va hech kimga tahdid qilmaydi. Biz qurilish jarayonidamiz va barcha davlatlar bilan normal munosabatlarni saqlab qolish juda muhim”, - deya taʼkidladi Suriya rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil bir necha bor Suriyaga hujum qilgan, Golan tepaliklarini bosib olishda davom etmoqda va mamlakat chegaralarini buzmoqda.
“Ammo rasmiy Damashq urushdan tiliyilshga intilmoqda, chunki u qurilish bosqichida va mamlakat iqtisodiy rivojlanishi rahbariyatning ustuvor vazifasi”, - deya taʼkidladi Ahmad al-Sharaa.


