8-oktabr kuni Boysun tumanining Boshrabot mahallasida joylashgan ko‘mir omborida aholiga ko‘mir tarqatish jarayonida tartibsizlik holati qayd etildi. Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda aholining o‘zaro tortishuvi va janjalga kirishgani orqali aks etgan.
Boysun tumani hokimligi voqea yuzasidan munosabat bildirib, holat ayrim fuqarolarning belgilangan tartibni buzgan holda navbatsiz ko‘mir olishga uringani sababli kelib chiqqanini ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, omborga aholiga kuz-qish mavsumida tarqatish maqsadida 278 tonna arzonlashtirilgan Angren ko‘miri yetkazilgan. Ko‘mir tarqatish grafigi mahalla va tuman axborot guruhlari orqali aholiga yetkazilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida tartibsizlik bartaraf etilgan, ko‘mir tarqatish jarayoni belgilangan jadval asosida qayta yo‘lga qo‘yilgan. Hokimlik ma’lum qilishicha, bundan buyon tarqatish qat’iy jadval asosida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazorati ostida amalga oshiriladi.
Tuman IIB ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim videolarning bir qismi bir yil avvalgi voqeaga tegishli bo‘lib, unda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.
Joriy mavsumda tuman bo‘yicha 39 ta mahallaning 30 tasiga ko‘mir yetkazib beriladi. Qolgan mahallalar tabiiy yoki suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Umuman olganda, 2025–2026-yilgi mavsum davomida Boysun tumaniga 3036 tonna ko‘mir keltirilishi rejalashtirilgan, hozirgacha 1325 tonnasi aholiga yetkazilgan.


