1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

TikTok AQShda 14 milliard dollarga baholandi

AQShda TikTok foydalanuvchilari soni 170 milliondan oshgani ta’kidlanmoqda.

TikTok AQShda 14 milliard dollarga baholandi

 

TikTokning AQShdagi faoliyati bo‘yicha kelishuv tuzildi. Oq uy vitse-prezidenti J.D. Vens ma’lum qilishicha, TikTok’ning asosiy kompaniyasi ByteDance’dan ajratilishi yuzasidan tuzilgan kelishuv doirasida ilovaning AQSh bo‘linmasi taxminan 14 milliard dollarga baholangan. Prezident Donald Tramp Oval ofisda mazkur bitimni ma’qullash va tafsilotlarni yakunlash uchun 120 kun muddat belgilovchi farmonga imzo chekdi.

 

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Oracle, Silver Lake xususiy investitsiya kompaniyasi va Abu-Dabida joylashgan MGX suveren fondi TikTok’ning AQShdagi 45 foiz aksiyalarini nazorat qiladi. ByteDance 19,9 foiz ulushni saqlab qoladi, qolgan 35 foiz ulush esa amerikalik investorlar qo‘lida bo‘ladi.

 

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, bitim TikTok’ning algoritmlari va kontentni moderatsiyasi ustidan nazoratni yangi qo‘shma korxonaga o‘tkazadi. Oracle kompaniyasi ilovaning ma’lumotlar xavfsizligi va tavsiyalar algoritmini boshqarishda asosiy rolni bajaradi. Shu orqali ilovaning maxfiylik talablari kuchaytiriladi va uning AQSh foydalanuvchilari uchun xavfsizligi kafolatlanadi.

 

Bitimda shuningdek Rupert Merdok va Maykl Dell kabi yirik investorlarning ham ishtiroki qayd etilgan. TikTok’ning AQShda oyiga 170 milliondan ortiq faol foydalanuvchisi borligi, bu uni mamlakatdagi eng ommabop platformalardan biriga aylantirgani ta’kidlanmoqda.

 

Shu bilan birga, kelishuv Xitoy bilan olib borilayotgan muzokaralar fonida amalga oshmoqda. Tramp Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan bo‘lgan muloqotini ijobiy baholab, kelishuvga Pekinning ruxsat berganini qayd etdi. Biroq ayrim siyosatchilar bitim shartlari algoritm ustidan to‘liq nazoratni ta’minlamasligidan xavotir bildirmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика