Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yuk avtomobili piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan ko‘prik qismiga urilib, shikast yetkazdi. Bu haqda viloyat IIBB YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 26-sentabr kuni soat 19:00 atrofida yuz bergan. Yuk mashinasi haydovchisi taqiqlovchi yo‘l belgisiga amal qilmay, gabarit o‘lchamlariga mos kelmagan transport vositasi bilan ko‘prikning beton to‘sig‘iga borib urilgan.
YTH natijasida odamlar salomatligiga zarar yetmagan. Ko‘prikning avtomobil harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qismi zarar ko‘rmagan, biroq piyodalar yo‘laklari qismida shikast kuzatilgan.
Hozirda mazkur qismni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, yo‘llarda transport vositalarining erkin harakati tiklangan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.


