Toshkent viloyatining Angren shahrida 4-oktabr kuni kechki payt sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikkita avtomobil yongan. Bu haqda viloyat FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, soat 19:45 atrofida A-373 avtomobil yo‘lining 88-kilometrida “MAN” rusumli yuk mashinasi va “Matiz” rusumli yengil avtomobil to‘qnashgan. Zarba natijasida avtomobillarda yong‘in yuzaga kelgan.
Voqea joyiga FVBning yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari 6 daqiqa ichida yetib kelgan va 20:07 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Hozirda voqea sabablari aniqlanmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in transport vositalarining texnik nosozligi yoki harakat xavfsizligi qoidalarining buzilishi sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.


