Poytaxtda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi jiddiy oqibatlarga olib keldi. 19-mart kuni Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida “Lacetti” va “BYD” avtomashinalari haydovchilari o‘rtasida kelib chiqqan mojaroda homilador ayol tan jarohati olib, o‘z farzandidan ayrildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea haydovchilardan biri yo‘lning o‘ng bo‘lagiga o‘tishga uringanida boshlangan. Mojaro davomida “BYD” haydovchisi va uning yaqin qarindoshi ikkinchi haydovchiga hujum qilib, avtomobil oynalarini sindirgan hamda uning homilador turmush o‘rtog‘iga jismoniy tajovuz qilgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hodisaning barcha ishtirokchilari qo‘lga olingan.
Homila nobud bo‘lishining aniq sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mutaxassislar xulosasi chiqqach, jinoyat ishining huquqiy malakasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.


