Toshkent shahrida mushukka nisbatan shafqatsizlik ko‘rsatgan Xitoy fuqarosi Y.Z. sud qaroriga ko‘ra 5 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolandi. Bu haqda “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati ma’lum qildi.
Voqea 16-sentyabrdan 17-sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro mushukni idishda ushlab, qayta-qayta qaynoq suv quygan. Qo‘shnilardan biri ushbu harakatlarga guvoh bo‘lib, hayvonning qiynoqqa solinganini ko‘rgan.
Mazkur holat yuzasidan hayvonlarni himoya qilish jamiyati Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, shuningdek, Xitoy fuqarosining deportatsiya qilinishi masalasini ko‘tarib chiqqan.
18-sentyabr kuni Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ish ko‘rib chiqilib, chet el fuqarosiga 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Uning advokatlari tomonidan apellyatsiya berilgan bo‘lsa-da, 20-sentyabr kuni Toshkent shahar jinoyat sudida shikoyat rad etildi va birinchi instansiya qarori o‘z kuchida qoldirildi.


