Toshkent shahridagi “Jajji nihollar” nomli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisi hamda uslubchisi jinoiy jazoga tortildi. Ular bog‘cha tarbiyachisini 3 kun shafqatsizlarcha qiynagan.
Cud hujjatida keltirilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan Laylo Alimova “Jajji nihollar” nomli xususiy bog‘chada tarbiyachi, 1957 yilda tug‘ilgan Vazira Giyazova esa uslubchi vazifasida ishlagan.
Vazira Giyazova 2024 yil 9 dekabrdan 11 dekabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 2022 yilda tug‘ilgan Zubayr Anvarjonovni ovqatlanishni xohlamaganligi uchun bosh qismidan urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda ko‘tarib, yotgan krovatiga zarb bilan otib yuborgan.
Zubayrga 2024 yil 9-11 dekabr kunlari tarbiyachi Laylo Alimova ham o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. U tushlik vaqtida uxlamagani uchun bolani bir necha marotaba ko‘tarib yerga uloqtirgan. Hatto Zubayrning og‘ziga choyshab tiqib qiynagan, bo‘ynidan bo‘g‘ib, yerga yotgan joyida gavdasining orqa qismiga bir necha marotaba oyoqlari bilan tepgan. Shuningdek, ko‘targan holda xona oynasidan tanasini chiqarib, uni tashlab yuborish bilan qo‘rqitgan, so‘ngra zarb bilan yerga uloqtirgan. Tarbiyachi bu harakatlari orqali bolaga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Bu qiynoqlardan og‘ir tan jarohati olgan bola koma holatida shifoxonaga olib borilgan va oradan 2 kun o‘tib vafot etgan.
Sud hukmi bilan Laylo Alimova Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Vazira Giyazovaga esa Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a,v” bandlari bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi berilgan.


