1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Tunda shovqin ko‘targanlik uchun jazo choralarini kuchaytirishga oid qonun loyihasi qaytarildi

Loyiha takomillashtirilgach, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Tunda shovqin ko‘targanlik uchun jazo choralarini kuchaytirishga oid qonun loyihasi qaytarildi

O‘tgan yili aholini tunda osoyishtaligini buzganlik uchun jarima miqdorini 5 million so‘mgacha oshirish haqidagi qonun deputatlar tomonidan bir o‘qishda qabul qilingan edi.

 

Bugun, 23 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

 

Qayd etilishicha, aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari va soha mutaxassislarining takliflari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlangan va takomiliga yetkazilgan.

 

Xususan, loyiha bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi yetti soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) sakkiz soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda. Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.

 

Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan ko‘p kvartirali uylarda shovqining yo‘l qo‘yiladigan darajasidan oshadigan qurilish va taʼmirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

 

Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Ayrim normalarni aholi manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zarurligi aytildi. Qonun loyihasi masʼul qo‘mita tomonidan takomillashtirilgach, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi. 

 

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini maromiga yetkazish maqsadida masʼul qo‘mitaga qaytarildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика