Farmonning to‘liq nomi “2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad, davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini taʼminlash hisoblanadi. Shuningdek, “mobil boshqaruv apparati”ni yaratishda ham mazkur hujjat asos bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlanmoqda.
Farmoyishga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasi uchun takliflar ishlab chiqilishida bir nechta yo‘nalish belgilangan. Jumladan:
👉 davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash;
👉 takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish;
👉 rahbar o‘rinbosarlarining yo‘nalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash;
👉 vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish;
👉 boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish;
👉 “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish;
👉 davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish va fuqarolarning sansalorligiga barham berish;
👉 vazirlik va idoralarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektoriga o‘tkazish;
👉 tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarini bitta maʼmuriy binoga joylashtirish orqali aholiga “Yagona darcha” tizimi asosida xizmat ko‘rsatish;
👉 kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni to‘liq joriy qilish;
👉 o‘z ustida ishlamaydigan va masʼuliyati bo‘lmagan kadrlarga nisbatan “jamoaviy taʼsir”ni amalga oshirish;
👉 vazirlik va idoralarda yagona kadrlar reytingini yuritish;
👉 davlat xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmatlar va vositalar paketini ishlab chiqish;
👉 tender va tanlovlarni ochiq va shaffof holda o‘tkazish tizimini takomillashtirish;
👉 xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish;
👉 mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish;
👉 hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash.
Avvalroq Rustam Inoyatov prezident maslahatchisi lavozimidan ozod etilgani, Prezident yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


