Fransiya, Belgiya, Lyuksemburg, Malta va Monako BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Falastinni tan olishini maʼlum qildi. Bu haqida CNN telekanali xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kecha, 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Falastinni tan olganini maʼlum qilgan.
“Vaqt keldi. Mamlakatimning Yaqin Sharqda Isroil va Falastinliklar o‘rtasida tinchlikka erishish bo‘yicha tarixiy majburiyatiga muvofiq, bugun Fransiya Falastin davlatini tan oldi”, dedi Makron.
U Falastin davlatini tan olish “Isroilga tinchlikda yashash imkonini beradigan yagona yechim” ekanini tushuntirib, bu harakatni “Hamasning mag‘lubiyati” deb atadi.
Makron, Falastin xalqining qonuniy huquqlarini tan olish Isroilning huquqlarini kamaytirmasligini qayd etib, garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirib, bu qarorni endi kechiktirib bo‘lmasligini taʼkidladi.
Fransiyadan keyin Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever, Lyuksemburg Bosh vaziri Lyuk Friden, Malta Bosh vaziri Robert Abela va Monako shahzodasi Albert II BMT Bosh Assambleyasida Falastinni tan olishlarini eʼlon qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olishi haqida eʼlon qilgandi.


