Tarixiy kun: “Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli orbitaga chiqarildi
“Samarkand-2028” nomi 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqand shahrida o‘tkazilishiga ishora qiladi.

O‘zbekistonning “Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli orbitaga chiqarildi. Mazkur loyiha mamlakat tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik tashabbuslardan biri bo‘lib, milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.
Loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, milliy muhandislik salohiyatini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari tomonidan sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt moduli ishlab chiqilgan. Ushbu texnologiya giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini berib, ma’lumotlarni uzatish va tahlil qilish samaradorligini oshiradi.
“Samarkand-2028” missiyasi qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlarni kuzatish hamda shaharsozlik kabi yo‘nalishlarda kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Sun’iy yo‘ldoshga berilgan “Samarkand-2028” nomi ham ramziy ahamiyatga ega. U 2025-yilda Sidney shahrida o‘tkazilgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) 2028-yilgi kongress mezbonligi Samarqand shahriga berilganini ifodalaydi.
Fazoga uchirish jarayonini to'liq quyidagi havolalarda tomosha qilishi mumkin:
https://www.youtube.com/live/wrJzZe_G9wk?feature=shared
https://www.linkedin.com/events/7490552641425465344/theater/








