Afg‘oniston sharqida 1-sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan 6 magnitudali zilzila og‘ir oqibatlarga olib keldi. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida kamida 622 kishi halok bo‘lib, 1500 dan ortiq odam jarohatlangan.
Rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini ma’lum qildi. Zilzila epitsentri Kunar viloyati hududida qayd etilgan bo‘lib, eng ko‘p talafot ham aynan shu hududda kuzatilmoqda. Vayronagarchiliklar sababli ayrim chekka qishloqlarga kirish qiyinlashgan, uyali aloqa esa qisman uzilgan.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotiga ko‘ra, zilzila markazi Jalolobod shahri yaqinida, yer ostidan 8 km chuqurlikda joylashgan. Kuchli silkinishlar Nangarhor, Lag‘mon viloyatlarida ham sezilgan, Kobul va qo‘shni Pokistonning Xayber-Paxtunxva hududlarida ham yer qimirlashlari qayd etilgan.
Tolibon harakati vakillari qutqaruv ishlarini jadallashtirishga chaqirgan. Qutqaruvchilar qiyin relyef va yomon infratuzilma sabab chekka hududlarga yetib borishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Mutaxassislar bu zilzilani Afg‘onistonda so‘nggi ikki yil ichida qayd etilgan eng kuchlilaridan biri sifatida qayd etmoqda.


