Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida olib borilayotgan qurilish ishlari doirasida Ohangaron–Pungan magistral gaz quvurining 22 kilometrlik yangi bo‘lagi foydalanishga topshirilmoqda.
Mazkur inshootni mavjud gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha amalga oshiriladigan montaj ishlari sababli 5-sentabr kuni soat 12:00 dan 36 soat davomida quvur orqali tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.
Shu bois 5–6 sentabr kunlari Farg‘ona vodiysi hududlaridagi avtogaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGZKS) va ayrim yirik sanoat iste’molchilari gaz ta’minotida vaqtincha cheklovlarga duch keladi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda benzin savdosi hajmi oshiriladi, uy xo‘jaliklarini uzluksiz gaz bilan ta’minlash bo‘yicha esa barcha zaruriy choralar ko‘riladi.
Mas’ullar vaqtincha yuzaga keladigan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, mazkur ishlar yakunlangach, Farg‘ona vodiysida gaz ta’minotining sifati va ishonchliligi sezilarli darajada yaxshilanishini ta’kidlamoqda.


